1938 YILNING 4-7 OKTYABRIDA MILLATIMIZNING ULUG’ ZIYOLILARI QATL ETILGAN EDI
Muhammad YUSUF
QORA QUYOSH
Doston

«Jondan aziz singlim Qumri!
Maktubingga javob yozaman. Shuning uchun yozamanki, kechasi soat to’rtda eslab xat yozganing uchun yozaman, yana shuning uchunki, yosh qalbingni baxtsiz mahbus uchun ezib, shirin uyqungni bema’ni sarguzashtim bilan
buzganim uchun yozaman. Ko’nglingni parishon qilib, uyqusiz tong ottirganing uchun yozaman…

Xat yozmaganimga sabab umidsizlik emas, aksincha umidim porloq va yuksak. Ochig’ini aytsam, achchiq turmushning alamli azobidan kuylovchi maktubim sadosi bilan sen kabi mehribonlarim ko’nglini yig’latishdan saqlanish maqsadida xat yozishdan kechdim…

Yurakni tosh qilib bo’lsa-da unutishlarizni so’rayman. Razil hayotga ko’nikib qolganimda shirin turmushni eslatmasangiz edi. Men uchun to’kkan ko’z yoshlaringizni eslar ekanman, qalbim siqiladi, baxtsizligim gavdalanib ko’z oldim qorong’ulashadi-da, tug’ilganimga qasam ichib, bor dunyodan kechgim keladi…

Qumri, rahming kelsa yana qayta so’raymanki, meni esdan chiqar, ortiq meni qiynab yuragimni ezma…

Ehtimol, tez kunda ko’risharmiz. 51-yilga ham ko’p qolmadi. O’zini menga yaqin tutgan qarindosh va yor-do’stlarga oldingi xatimda oxirgi salomimni qo’ndirgan edim. Yana qaytarishga o’rin yo’q. Opangga aytginki, meni iltimosimni unutmasin! Chor-nochor xayrlashib qoluvchi:

Akmal»
Boengol. 22.XII.46.

MUALLIFDAN: Bu xatni men tasodifan topib oldim. Shu holida, imlolarini tuzatmay, sizga havola etdim.

Ehtimol, bu maktub Qumri ismli mushtipar ayolga akasidan yolg’iz yodgordir. Agar shunday bo’lsa, men uni egasiga qaytarayotganimdan xursandman.

— Umr nima, ey odam?
— Umr yo’ldir bir quloch.
— Armon nima, ey odam?

— Armon ham bir ehtiyoj.
— Omad nima, ey odam?
— Ayvondagi qaldirg’och.

— Orzu nima, ey odam?
— Bo’ldi, mening qornim och…
— Yolg’on nima, ey odam?

— Yolg’on — o’t o’smas dala.
— Haq nimadir, ey odam?
— Haqiqat — yetim bola…

— Sevgi nima, ey odam?
— Sevgiga yo’q hafsala.

— Baxt nimadir, ey odam?
— Baxt — bir kosa atala…
Tolkosada atala…

— Tolkosa nima, ey odam?
— Tolkosa hayot, jo’ra.
— Atala nima, ey odam?

— Stalin bobongdan so’ra!..


Soqovni qamashdi,
Soqov «dushman»ni,
Siyosiy savodsiz,
Anqov dushmanni…

Qamashdi,
Bir kunda,
Paysalga solmay.
Aybi aniq edi,
Aybi ma’lum edi,

U dohiy otini
To’g’ri aytolmay,
Hammaning oldida
«Ishtalin» dedi!

Soqchiga mo’ltirar Soqov,
Qaltirar,
O’ldirishar endi,
Uni o’ldirar.
Qoldi uy,
Qoldi — g’urbatxonasi.
G’urbatxonasida — Qari onasi.

Yana bir zot ketdi,
Shunday qilib —
Soqovning boshiga
Yetdi o’z tili…

O’rmonda otishdi,
Qor edi qalin.
Yiqildi.
Hayqirib:
Yashash-shin Ishta-lin!

Soqovni otishdi,
Anqovligi uchun.
To’g’rirog’i —
Tug’ma Soqovligi uchun.

Qirq yil bo’ldi bunga.
Ellik yil bo’ldi-yov.
Mana endi, Soqovning onasi —
Haqiqiy soqov!..

Soqov duduq edi
Munday olganda.
Tillashsa bo’lardi
O’lmay qolganda.


«Sibirdagi sargardonlik yillarim bir hamyurtim bilan uchrashib qoldim. Yig’lab ko’rishdik. Hol-ahvol so’rashdik. Men uni ham o’zimga o’xshab beayb badarg’a bo’lganlardan biri ekanligini sezib tursam ham so’radim:

— Sizni nega kamadilar, birodar?
— Sulaymon Azimovning «dumi»san, deb!
— Kimning-kimning?

— Aytdim-ku, Azimovning…

Anchadan keyin biroz o’zimga kelib, sekin borib yelkasidan quchdim:
— Uni taniysizmi?

— Yo’q, ko’rmaganman…
— Unda keling, tanishvolaylik, — dedim. — Menman o’sha siz aytgan odam!..»

Markazqo’mning sobiq kotibi Sulaymon Azimovning xotiralaridan.


O’ttiz yettinchi yil kashfi sizga mana —
Erkaklarga alohida qamoqxona,
Ayollarga alohida qamoqxona,
Bolalarga alohida qamoqxona…

O’ttiz yettinchi yil kashfi bular bari —
Ko’rinmasu dahshat solib sharpalari,
Kelsa — yaqin kelmay, ketsa — ketmay nari,
Izg’ib yurar Lavrentiyning laychalari.

Bu o’lkada endi norg’ul yigitlar yo’q,
Boyqushlar bor, kalxatlar bor — burgutlar yo’q,
Ne-ne Sulaymonlar, Abdulhamidlar yo’q,
Qaytarmikin?
Qaytmog’iga umidlar yo’q…

Bedarak yo’qoldi qancha odam, esiz,
So’roqlarda o’ldi qancha odam, esiz,
Qiynoqlarda o’ldi qancha odam, esiz,
Sirtmoqlarda qoldi qancha odam, esiz…


…Uning uchun qamoqxonada eng tansiq narsa qog’oz edi. U hamma joydan faqat qog’oz qidirardi. Bir daqiqa sayrga olib chiqishsa, devorlar tagida sarg’ayib, g’ijim bo’lib yotgan bir parcha qog’oz topib olib, boshi osmonda, yana zax xonaga qaytardi. Tergov paytida ham ilinji shu. Ovqat payti ham.

Ana shunday ming mashaqqatlar bilan yiqqan qog’ozlari bir kuni qo’lyozmaga aylandi. Endi uni nima qilib bo’lsa ham tashqariga, odamlarga yetkazish zarur edi. Lekin qanday qilib?

U turma boshlig’iga murojaat qildi. Meni qabul qilishingizni so’rayman, deb qayta-qayta so’rayverdi. Nihoyat boshliq zerikdi. Qahraton qish kunlarining birida boshliq issiq pechka oldida, oyoqlarini chalishtirib o’tirib, uning arzini tingladi.

— Sizdan o’tinib so’rayman. Shu qo’lyozmani odamlar o’qisin. Mayli, keyinroq, oqlanib ketsam yoki…
— Bu yoqqa ber, — dedi boshliq o’rnidan turmay.

Soddadil adib, unga qo’lyozmani uzatdi. Boshliq qo’lyozmani oldiyu gurillab yonib turgan pechkaning ichiga otdi… U yana o’sha zax va qorong’i xonada o’ziga keldi. «Bu ablahning oldiga meni kim boshlab bordi? Oyoqlarimmi? Men ularni hoziroq kesib tashlayman. Nahot shuncha xo’rliklarni ko’rib ham ko’zim ochilmadi! Nahot, bu boshda zarra aql bo’lmasa! Nahotki, u meni jalloddan yordam so’rab borishga undadi! Hozir… Hozir!…» U dast o’rnidan turib, yugurib borib, zarb bilan boshini devorga urdi. Urdi va yana uraverdi. Joni chiqib ketguncha uraverdi!..

Kim edi bu adib? Qodiriymi?.. Cho’lponmi? Yoki Usmon Nosirmi?!.


Qisqagina umr ko’rib, uzoq yashab kelayotgan zotlarga qarang…

Ahmad Yugnakiy

Tushimga kiradi Qodiriy bobom,
Bemador, bemajol, behol, beorom.
Egniga eski bir to’n kiyib olgan,
(Shineldir balki u, kimdandir qolgan).

O’sha to’n egnida poxol ham borday,
Bobomning yuzlari oqargan qorday.
Yo’q, yuzi somonga o’xshaydi uning,
Charaqlab turguvchi ko’zi to’la mung…

Tushimga kiradi Qodiriy bobom:
Tur deydi, muncha ko’p uxlading, bolam.
Boq, bu dam aylanib jo’xorizoring,
O’rog’in qayraydi onaizoring.

U o’rib bo’lguncha rizqu zaringni,
O’ynatib tur chiqib, ukalaringni.
Va mening salomim ayt, der ularga —
Bobosin sog’ingan musichalarga…

Tushimga kiradi Abdullo bobom.
Oh oltin bobom-a, voh tillo bobom.
Qaro yer qa’rida qon yig’lab qolgan
Akmal Ikrom bobom, Fayzullo bobom!

II

O’lgan o’ldi-ketdi.
Hech kim qaytmaydi. Nega?
Nima uchun?

Bu ham muammo. Tarix soqov kampir,
Dardin aytmaydi, Aytolmas,
Unutib ham bo’lmas ammo.

Mana, Qodiriyni qilishar so’roq:
«O’tgan kunlar» degan she’r siznikimi?
— Ha.

Ammo u she’r emas…
— Jim bo’ling, axir.
She’rmi yo boshqami, avtori siz-da.
Tamom.
Boshqa gapga qolmaydi hojat.

Tergovchi — payg’ambar,
Tergovchi — xudo.
Temir zotdan kelgan buyruq — ijozat,
O’zbek yana bitta o’g’lidan judo.

Aybi shuki…
Aybi…

Kim bilsin buni,
Balki, juda noyob iste’dodidir.
Otishdimikin yo osishdi uni?
Balki, xukm ijrochisi jodidir.

Jodi deganlarin bilishmas yoshlar,
Bilmagani ma’qul bundan keyin ham.
Jodi orasiga tushganda boshlar
Odam…

Ko’zimga yosh to’lar mana shu yerda.
Qo’ynimga tosh to’lar mana shu yerda.
Ko’zimga tor bo’lib qoladi olam,
Oh, oltin bobom-a, voh tillo bobom…

O’tgan kuning qursin, Abdullo bobom!


O’y yomon.
O’y yomon qiynar odamni.
Ilondek yurakni kemirar mal’un.

Urushdan chalajon qaytgan otamning
Qirq yilki, tilidan tushmas Stalin…

Ota, Qo’ying, deyman.
Otajon, qo’ying.

Umringiz o’tmoqda kimga ishonib?
Temir kosov bilan ko’zimni o’ying,
Faqat bir iltimos,
Gapirmang o’shani!..

Yer esa aylanar,
Yumushi mo’l Yer.
Oqar yuzlaridan
Marjon-marjon ter…

O’ylayman,
Zaminda eng baxtiyor zot —
Yoki akademik,
Yoki besavod.
Biri o’qiganin tahlilin so’rmas,
Biri o’qishga ham urinib ko’rmas…

O’y yomon, o’y bu — jar,
Bu jar qorong’u.
«Qayt bolam!..»
Otamning so’zlarimikin?
Bu zulmat qa’rida yongan ne yog’du,
Fayzullo bobomning ko’zlarimikin?

«Sen nima bilasan, Farzandi nodon,
Urushda yurtingni asrab qoldi kim?..»
Ishonch qanday unvon, Ishonch qanday shon,
Ul buzrukvorimga nima ham derdim.

O’lgan o’ldi-ketdi. Endi qaytmaydi. Nega?
Nima uchun?
Bu ham bir jumboq.

Ota xatosini o’g’il aytmaydi,
Aytolmas,
Unutib ham bo’lmas biroq…


Yillar ham ko’chmanchi qaldirg’ochlardek,
Kelar,
Ketaverar,
Miq etmay, beun.
Dunyoda men yolg’iz sig’ingan odam
Elimdir mahzun.

O’ylayman.
Ufqlar ortidan bir kun,
U asta bo’ylaru Ko’z tushar ko’zga:
Begunoh uzlatga ketganlar uchun
Kim javob beradi, o’rtoqlar bizga?..

Men nima degandim, Nima degandim,
Nelarni qilgandim u kun vasiyat?
Hurmatli yurtdoshlar,
Aziz boshingizga,
Stalin — o’zingiz topgan musibat!..

O’lgan o’ldi-ketdi.
Hech kim qaytmaydi.
Nega,
Nima uchun,
Bu endi jumboq.
Tarix — soqov kampir,
Dardin aytmaydi,
Aytolmas,
Unutib ham bo’lmas ammo.


— Otang qani, bolam-ov?
— Otam Sibirga ketgan.
— Onang qani, bolam-ov?
— Onam ham birga ketgan…

— Akang qani, bolam-ov?
— U dunyoda uxlaydir.
— Ukang qani, bolam-ov?
— Ko’krak so’rab yig’laydir…

— Singling qani, bolam-ov?
— Singlim yotar chalajon.
— O’g’lim bo’lgin, bolam-ov,
— Noniz bormi, onajon?!

— Ukamni ne qilamiz?
— Echki suti beramiz.
— Singlimni ne qilamiz?
— Tutmayiz terib beramiz…

— Cholingiz qayda, enajon?
— Cholim Sibirga ketgan.
— O’g’lingiz qayda, enajon?
— O’g’lim ham birga ketgan.

— Enajonim, enam-ov,
Endi nima qilamiz?
— Enang o’lsin bolam-ov,
Bir kunimiz ko’ramiz!..


«Singlim Rohatxon! Uyg’unnikiga borib, narsalarimni ol. Madamin Davronning uyida pal`tom bor. Ibrohim Nazirnikida etigim ham. Shularni olib kelib, menga kirgizib yubor. Ketadiganga o’xshayman…»

Toshkent qamoqxonasi. 1937 yil. Usmon Nosir.

Vatan gar dilga jo bo’lsa,
Ne istar u bajo bo’lsa,
Kim bilsin,
Kim bilsin agar,
Mening jonim fido bo’lsa,
Tirik yurgaymidi hozir,
Usmon Nosir, Usmon Nosir..

Baxil bo’yin egmish qachon,
Oqilga kun tegmish qachon?
Kim bilsin,
Kim bilsin agar.
Yomonga ham jazo bo’lsa,
Tirik yurgaymidi hozir,
Usmon Nosir, Usmon Nosir.

G’anim har kimda bor, g’anim,
G’animda yo’q gapim manim.
Kim bilsin,
Kim bilsin agar,
Do’stu yorda vafo bo’lsa,
Tirik yurgaymidi hozir,
Usmon Nosir, Usmon Nosir.

Joningdan aylanay, yurtim,
Shoiring ko’p ekan, ko’rdim,
Kim bilsin,
Kim bilsin agar,
Ulardan bir sado bo’lsa,
Tirik yurgaymidi hozir,
Usmon Nosir, Usmon Nosir.

FAYZULLA XO’JAEV MARSIYASI

Qadim Buxoroga laylaklar keldi,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?..

Biz-ku ertakni ham surgaymiz ko’zga,
Mushtoqmiz xabarga, mushtoqmiz so’zga,
Hammadan ham ko’proq mushtoqmiz sizga
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Boboyurt bog’lari sizdan xotira,
Chaqnar chiroqlari sizdan xotira,
Ko’zyosh buloqlari sizdan xotira,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Qo’ymadik joyiga e’zozingizni,
Aytmay ketdingiz-ku dil rozingizni,
Tinglab yurarmizu ovozingizni,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Yig’lar Samarqandga sirdosh Buxoro,
Minorida uxlar quyosh Buxoro,
Ibn Sinolari talosh Buxoro,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?

Tuproqning insonga tortiqlari ko’p,
Tortig’idan jonga og’riqlari ko’p,
Gullagan vohaning notiqlari ko’p,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?..

Qadim Buxoroga laylaklar keldi,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?
Rivoyatlar keldi, ertaklar keldi,
O’zingiz qaydasiz, Fayzullo bobo?!


«Odamlar taqdiri oddiy tushlik yoki kechki ovqat paytidayoq hal bo’lardi. Suhbat orasida kimlarningdir nomlari tilga olinardi. Birdan Stalin: «Lavrentiy, chora ko’r», deb qolardi. Beriya esa boshqa xonaga o’tib, qaygadir qo’ng’iroq qilardi. U nomlarini aytgan odamlar shu kechasiyoq qamoqqa tushardi…»

Marshal Jukov xotiralaridan.

Ey g’amdan bukchaygan uylari yog’och,
Yarmi qamoqxona, Yarmi yalang’och
Mamlakat, qizlaring yashir oltinsoch —
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda!..

Bayramga qo’yilgan baliqdek tuzlab,
Qotib tur joyingda, vujuding muzlab,
Qurbonlar ustiga qurbonlar izlab,
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda.

Bir-birlarin suyab, Tik turib uxlab,
Vagon to’la bolang ketmoqda yig’lab,
Paravozlar qayga eltmoqda yig’lab?..
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda.

Ularni kutadi maydon to’la dor,
Bu dorlar ostida barcha millat bor,
Jallod — ko’zoynakli ilondek makkor,
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda.

Kutmoqda ishqorlar quyilgan jomlar,
Bu do’zax jomida har qora shomlar,
Erib ketdi ne-ne Akmal Ikromlar…
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda.

Yuzin bir ko’rmoqqa topolmay iloj,
Kim otaga muhtoj, Kim yorga muhtoj.
Kim yolg’iz o’g’li-la diydorga muhtoj,
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda…

Ey, g’amdan bukchaygan uylari yog’och,
Yarmi qamoqxona,
Yarmi yalang’och
Mamlakat, qizlaring yashir oltinsoch —
Lavrentiy Pavlovich sayr qilmoqda.


«…Qizim Zoryani NKVD xodimlari avtomobilda Malaya Lubyankaga olib ketgan ekan. Buni biz keyin bildik. Moskvaning bu burchagida 2 yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar qamoqxonasi
joylashgandi. Undagi rejim kattalarnikidan farq qilmas, bolalar saharda uyg’otilar, yigirma minutlik sayrdan so’ng esa so’roqqa — tergovchi huzuriga olib ketilardi…»

Galina Serebryakova, yozuvchi.
(«Sem`ya» gazetasi, 1988 yil mart soni).

Qushlar ham uyqudan uyg’onmay hali,
Jovdirab bir safga tizilar bari.
Mudrab yo’lga tushar tergovchi sari —
Ikki yashar «xalq dushmanlari».

Ularning gapi yo’q bo’rsildoqlarda,
Ularning xayoli — o’yinchoqlarda…
O’xshaydi qorako’l qo’zichoqlarga —
Ikki yashar «xalq dushmanlari».

Qo’lchalarini qo’yib oyoqchasiga,
O’ltirar kelishgandek boqchasiga,
Mo’ltirar tergovchi tayoqchasiga —
Ikki yashar «xalq dushmanlari».

Tergovchi ham asli kimgadir ota,
Tergovchida juda tajriba katta.
Yo’q aybiga iqror bo’lar, albatta,
Ikki yashar «xalq dushmanlari».

Yo’q aybiga iqror bo’lar hammasi,
Elning suyuk bolalarin bolasi,
Elning buyuk bolalarin bolasi,
Ikki yashar «xalq dushmanlari»…

Qushlar uyqusidan uyg’onmay hali,
Jovdirab bir safga tizilar bari,
Mudrab yo’lga tushar tergovchi sari —
Ikki yashar «xalq dushmanlari».


Tuxachevskiyni Voroshilov yomon ko’rardi. Unga hasad qilar edi. Juda ko’p buyuk sarkardalarning o’limida uning qo’li bor… Bir kuni o’sha qishloqlarimiz g’oyat g’arib ahvolda ekanligini aytib, Xrushchyovga bildirishini so’raganimda u ko’nmadi. Aytolmayman, meni Qizil maydonga dafn etishlarini istayman, dedi.

Marshal Jukov xotiralaridan.

Rossiyaning yarmi xilvat o’tloqlar,
Mayli, bizga bo’lsin uzlat o’tloqlar,
Bizga bo’laverar Faqat, o’rtoqlar,
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga!..

Ko’rgan kuni ozor bo’lgan Rossiya,
O’rmonlari mozor bo’lgan Rossiya,
Mozorlardan bezor bo’lgan Rossiya,
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga.

Hammamizdan ko’proq «jang» qilgan o’sha,
Dushmanlar holini tang qilgan o’sha,
Bunday izzat uchun tug’ilgan o’sha —
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga…

Xitoyda o’lmagan Blyuxer qani,
Qiyma-qiyma bo’lib chopildi tani.
Faqat udir asrab qolgan Moskvani —
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga.

Qaysi aybi uchun otildi Yakir
Nonushta ustida sotildi Yakir,
Buni yolg’iz o’sha biladi, axir —
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga.

Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga
Tuproqda o’ziga qoldi joy yetmay.
Ustiga tosh qalab, yig’lamay-netmay,
Klimentni ko’minglar Qizil Maydonga!

37-YIL YIG’ISI

Olov edi, sho’x edi o’g’lim,
Shamol edi, o’q edi o’g’lim,
Uyimda non yo’q edi, o’g’lim,
Endi mening holim ne kechar?

Mayli izing qolsaydi, o’g’lim,
O’g’il-qizing bo’lsaydi, o’g’lim,
Ko’rib ko’nglim to’lsaydi, o’g’lim.
Endi mening xolim ne kechar?

To’lishgan oy, to’lin oy, o’g’lim,
Ketgan yering qaysi joy, o’g’lim?
Tilab olgan Tursunboy o’g’lim,
Endi mening holim ne kechar?

Yonib ketsang mayliydi, o’g’lim,
Cho’kib ketsang qaniydi, o’g’lim.
Aybli bo’lsang qaniydi, o’g’lim
Endi mening holim ne kechar?..

Dehqon bo’lsang o’lmasding, o’g’lim
Cho’pon bo’lsang o’lmasding, o’g’lim,
Yomon bo’lsang o’lmasding, o’g’lim…
Endi mening holim ne kechar?

O’qimay o’l, unmay o’l, o’g’lim,
O’qib olim bo’lmay o’l, o’g’lim,
Olti tilni bilmay o’l, o’g’lim!..
Endi mening holim ne kechar?


Menga qadrdondir uning siymosi
Tilim tebranmas hech yomon deyishga.
U shunday buyukki,
Yo’qdir qiyosi,
Qancha buyuk bo’lsa,
Tubandir shuncha…

U — yorug’ dunyoda Tengi yo’q inson,
Qadrdon begona.
Yovuz mehribon.
Uning bir qo’li gul yuragigacha,
Uning bir qo’li qon bilagigacha!..

Kim yolg’iz bolasin topolmay go’rin,
Qonlar yig’lab o’tgan bo’lsa dog’ida,
O’sha mushtipardan so’rash lozim bu —
Buyuk inson, Buyuk jallod haqida.

So’rang, Omoch surgan bolakaylardan,
Chillak oyoqlarin sudrashib arang.
Qirq birinchi yilda,
Miltiq yetishmay,
Asirlarga tushgan
Askardan so’rang.

Shunda Ayon bo’lar uning siymosi,
U yarmin qamagan, Yarmini qirgan.
Yarmini qo’yganu dorlarga osib,
Qolgan yarmi bilan
Janglarga kirgan!..

Uning butun umri
Jumboqdan iborat,
U ayni adolat,
U ayni g’orat.
U oqil buzg’unchi,
U mohir me’mor —
Inson suyagidan solgan imorat…

U xalqlar qotili,
Xalqlar otasi,
Tilim tebranmaydi
Yomon deyishga.
U shunday ulug’ki,
Yo’qdir qiyosi,
Qancha ulug’ bo’lsa,
Tubandir shuncha.

Yo’qsa, ayting, Kim u?
Yo’qsa ayting, kim?
Yarim xalq qarg’aru
Yarim xalq yig’lar.
Mening savolimga
Eng to’g’ri javob —
Bera olguvchining hammasi uxlar!..

Menga juda aziz
Uning siymosi,
Bir qarasam,
Yo’qdek sira qiyosi.
U bir bag’ri daryo,
Bir bag’ritoshdir,
U bir quyosh
Ammo — Qora quyoshdir!